вторник, 1 января 2013 г.

BIZ YURTDOSHLARIMIZ ISHONCHINI OQLAYMIZ



Davron TO‘XTABOYEV, Hindiston:
— Hind-o‘zbek madaniy aloqalar dasturi bo‘yicha grant bilan Hindistonning Karnataka shtatidagi Maysur universitetida tijorat-savdo yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olaman.
Nihoyasiga yetayotgan 2012 yil men uchun mazmunli o‘tdi. O‘qishda ham bir qancha muvaffaqiyatlarga erishdim. 1-se­mestrni a’lo baholar bilan tugatdim. Universitetimizda o‘tkazilgan fan musobaqasida faxrli 2-o‘rinni egalladim. Turli xalqaro seminarlarda ishtirok etib, sertifikatlar bilan taqdirlandim.
Sentyabr oyida o‘tkazilgan Xalqaro Dasara festivalida qatnashib, o‘n ming­dan ortiq tomoshabinlarga o‘zbek mil­lati va madaniyati haqida ma’ruza qildim. O‘shanda Boburiylar saltanatining Hindiston madaniyati va davlatchiligi rivojidagi o‘rni beqiyosligi va bu sulolaning kelib chiqishi ayni damda O‘zbekiston deb atalmish yurtga borib taqalishi haqidagi taqdimotim hammaga ma’qul keldi.
Vatanimizdan uzoqda bo‘lishimizga qaramay, yurtimizda o‘tkazilgan barcha umumxalq bayramlarini shu yerdagi o‘zbeklar yig‘ilib nishonladik. Mustaqillik va Navro‘z bayrami dasturlarini internet tarmog‘i orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri tomosha qildik.
Bizning chet elda o‘qiyotganimiz yurtimizda ta’lim tizimining yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, biz yoshlarga vaqtida kerakli sharoitlar yaratib berilgani va ustozlarimizning bizga bergan bilimlarining samarasidir. Biz Vatanimiz ishonchini oqlab, uning xizmatiga doimo kamarbasta bo‘lishga tayyormiz.
Yangi kirib kelayotgan 2013 yilning muhtaram Prezidentimiz tomonidan «Obod turmush yili» deb nomlanishi biz o‘zbekistonliklarga birdek yoqdi. Yangi yilda barchamizning turmushimiz obod bo‘lsin. 2013 yil har birimizga omad va muvaffaqiyat, zafarlar yili bo‘lsin! Yangi yilingiz bilan, aziz vatandoshlar!

Sevara ABDUSALOMOVA,Xitoy:
— O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini tamomlagach, Xitoy Xalq Respublikasining Gansu provinsiyasidagi Lanzxou universiteti magistraturasiga qabul qilindim. Men bu dargohda xalqaro aloqalar yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olyapman. Bugungi kunda mustahkam xalqaro aloqalar o‘rnatish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Kelajakda bu yerda o‘rganayotgan nazariy bilimlarimni amaliyotda qo‘llamoqchiman.
Xitoy o‘zining boy madaniyati va qadim tarixga ega ekanligi bilan har qanday odamning e’tiborini tortadi. Ular xuddi biz kabi samimiy, bolajon xalq. Umuman olganda Sharq madaniyati bir-biriga yaqinligi bilan boshqalardan ajralib turishini alohida ta’kidlash kerak.
O‘tgan 2012 yil men uchun omadlarga boy bo‘ldi. O‘qishga qabul qilindim, ko‘plab do‘stlar orttirdim. Ularga O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, qadimiy shaharlari haqida hikoya qilib beraman.
Men xalqimizni Yangi yil bilan chin yurakdan tabriklayman. Xonadonlariga fayz-baraka tilayman.
Temur XUDOYBERDIYEV tayyorladi.

4 комментария: